Navigatsiya
Kutubxonaning ish tartibi:
8:00 dan 18:00 gacha
Manzil:
O‘zbekiston, Farg‘ona sh., Ma’rifat ko‘chasi 31 A

Yangiliklar

« Ортга қайтиш

#Onlayn_huquqshunos  23.03.2021 12:45

          Savol: Bizga zamonaviy elektr hisoblagichni oʻrnatishdi. U juda katta koʻrsatkichlarni koʻrsata boshladi. Haqiqatda biz bunchalik koʻp elektr energiyasidan foydalanmaymiz. Tuman elektr stansiyasi (TES) xodimini chaqirtirdik. U ham koʻrsatkichlar oshirib yuborilganini tan oldi. Bunda yoʻlakka oʻrnatilgan elektr shchitning texnik holati sababchi boʻlayotganini, uni tuzatish lozimligini aytdi. Elektr shchitga koʻz tashlaganimda men ham shunga amin boʻldim. Hatto mutaxassis boʻlmagan odam ham bu raqamlar nihoyatda katta ekanligini tushunar edi. Simlarning hammasi eski, chalkashib yotibdi, ochilib, izolyasiyasiz qolgan joylari ham koʻp. Tagʻinam mening hisoblagichim yaxshiroq edi. Ikki qoʻshnimning hisoblagichlari esa umuman simida osilib yotibdi. Hisoblash asboblarini oʻrnatishga jalb etilgan pudratchilar ishlarni biz yoʻqligimizda bajarishgan. TES xodimi bunda oʻzimiz aybdorligimizni aytdi. 

Zinapoya panjarasidagi elektr shchitning texnik holati uchun kim javob beradi, uni kim taʼmirlashi kerak?

       Javob: Yoʻlaklardagi elektr shchitlar koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulkiga qarashlidir. Bu Uy-joy kodeksi (124-modda), amaldagi "Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida"gi Qonun (18-modda), qabul qilingan, lekin 2020 yilning 1 avgustiga qadar kuchga kiritilmagan "Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida"gi Qonunda (6-modda) nazarda tutilgan. Mazkur qonun hujjatlarida koʻp kvartirali uyda, xususan, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalar umumiy mol-mulk hisoblanishi belgilangan.

        Koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulki hisoblangan elektr shchitning holati uchun boshqaruv organi javob beradi, yaʼni buning uchun yo XUMSh, yoxud uy kengashi (koʻp kvartirali uylar mulkdorlar jamoasi tomonidan bevosita boshqarilganda) yoxud boshqaruv kompaniyasi (XUMSh boʻlmaganda) masʼul boʻladi. 

        Elektr shchitni taʼmirlash mulkdorlar umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanadigan ishlar rejasi, daromad va xarajatlar smetasiga kiritilishi kerak. Lekin amaliyotda koʻplab XUMSh bu ishlarni paysalga soladi (avariya holatiga kelmaguncha parvo qilishmaydi).

        Hozirda shirkatlar kreditlarni soʻndirmoqda, mablagʻlarining choʻgʻi kamaygan, joriy ishlarni bajarish uchun xarajatlarni uchma-uch amalga oshirmoqda. Umumiy yondashuv quyidagicha: ishlar rejalashtirilib, xomchoʻt qilinib, tasdiqlanib boʻlganda shirkatda (yoki boshqa boshqaruv organida) mablagʻ etishmasligi tufayli elektr shchitni taʼmirlash boʻyicha muammolar yuzaga kelsa, mulkdorlar boshqaruv organi rahbariyati bilan kelishilgan holda uni oʻz hisoblaridan tuzatib qoʻyishlari mumkin. Bunda xarajatlar keyinchalik oʻzaro hisob-kitob qilinadi. Bu XUMSh toʻgʻrisidagi Qonunning 30-moddasi va Koʻp kvartirali uylarni boshqarish haqidagi Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan. Hujjatlarda belgilanishicha, ayrim hollarda shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi joy mulkdori tomonidan majburiy badallarning bir qismini toʻlashning pul shaklini uning umumiy xarajatlardagi ishtirokining boshqa turlariga almashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin, bunda asos sifatida arizachining yozma xabarnomasi va umumiy yigʻilishning bayonnomasi kerak boʻladi.