Navigatsiya
Kutubxonaning ish tartibi:
8:00 dan 18:00 gacha
Manzil:
O‘zbekiston, Farg‘ona sh., Ma’rifat ko‘chasi 31 A

Yangiliklar

« Ортга қайтиш

TILSHUNOSLIGIMIZ FIDOYISI  03.12.2020 12:24

TILSHUNOSLIGIMIZ FIDOYISI

        

            Fan – ongning hamisha taraqqiyot va yuksalishga intiluvchi, juda ko‘p hollarda inson irodasi va xohishiga bo‘ysunmaydigan shakllardan biridir. Lekin fanni shaxslar – olimlar yaratadi. Shaxs esa o‘z dunyoqarashi, tafakkur tarzi, qolaversa, olgan ta’lim-tarbiyasi xususiyatlari bilan ma’lum darajada chegaralangan bo‘ladi. Shuning uchun fanda dastlab novator, yangi-yangi dalil-g‘oyalarni ilgari surgan shijoatkor yosh iste’dod, 20-30 yildan keyin yangi g‘oyalarni – o‘zi uchun farzandidan ham ardoqliroq g‘oyalarning dialektik inkorini kamdan kam holatda qo‘llab-quvvatlaydi. Bunyodkorlik, o‘z g‘oyalarining taraqqiyotiga, inkoriga homiylik qiluvchi ilmiy vijdoni, olimlik burchi, haq va xalq, oldidagi mas’uliyatini uqqan va unga bir umr sodiq bo‘lgan insonlargina umrlarini bag‘ishlagan fan tarixi sahifasidan abadiy joy oladilar, uning zarvaraqlarini bezaydilar. Tilshunosligimiz taraqqiyotida soha rivoji va ravnaqiga salkam yetmish yil bir xilda ziyo taratib turgan akademik Gʻanijon Abdurahmonov fanimiz tarixi va istiqbolidagi fozil siymolardan edilar. Uning hozirgi o‘zbek adabiy tili, til tarixi, tilshunoslikning nazariy masalalari, o‘zbek xalqi va tilining shakllanishi, matnshunoslikka bag‘ishlangan 165 nomdagi ilmiy ishlari chop etilgan. Ustoz uzoq vaqt rahbarlik lavozimida – turli yillarda Farg‘ona davlat pedagogika (hozirgi FarDU), Toshkent davlat chet tillari hamda Toshkent davlat pedagogika institutlari rektori sifatida milliy kadrlar tayyorlashga ulkan hissa qo‘shdilar. 1966-1971 yillarda Farg‘ona pedagogika instituti rektori, 1971-1978 yillarda Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri vazifasida ishlar ekan, Nukus davlat universiteti, Buxoro davlat oziq-ovqat va yengil sanoati instituti va qirqqa yaqin o‘rta maxsus bilim yurtlarining ochilishida, respublikada 17 turdagi yangi mutaxassislikning joriy etilishida tashabbus ko‘rsatib, bosh-qosh bo‘ldilar.Eng muhimi, - ustoz doimo qalb amriga sodiq qoldilar, ilmni hamma narsadan ustun bildilar. Turkiy xalqlarning bebaho yozma yodgorliklari - “Devonu lug‘atit turk”, "Qutadg‘u bilig” ning o‘zbekcha nashri ustoz rahbarligi va mas’ul muharrirligida tayyorlanib, chop etilishining o‘ziyoq o‘zbek fani dovrug‘ini olamga taratdi.

 

           1980-90 yillarda o‘zbek tilshunosligida poydevorini Fitrat, Qayum Ramazonlar, bunyodini Ayyub Gʻulomu Gʻanijon Abdurahmonlar amalga oshirgan yondashishu, talqinu tavsiflarni yangilashni oldiga maqsad qilib qo‘ygan shijoatli yoshlar maydonga chiqishga intila boshladi. Katta avlod vakillaridan birinchi bo‘lib Gʻanijon Abdurahmonov tetapoya yoshlarga himoya, yordam, dastak qo‘lini cho‘zib yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatladi - haftalab, ba’zan oylab ishxonadami, o‘z uylaridami, dam olish uyidami, kasalxonadami yangi g‘oyalarni ko‘tarib chiqqan, fanimizda yangi yo‘nalishni shakllantirishga intilayotgan bunyodkorlarning g‘oyalarini pishitish, ularga sayqal berish ustida tadqiqotchilar bilan birga ishladi. Hozirgi kunda fanimizda gurkirab rivojlanayotgan sistem-struktur tilshunoslikning o‘ziga xos yo‘nalishlari - mazmuniy sintaksis, o‘zbek substansial (formal-funsional) tilshunosligi, sosiolingvistikaning fanimizda shakllanib rivojlanishi, ommalashishida ustozning hissalari katta, chunki bu yo‘nalishdagi ishlarning ko‘pchiligiga yangilanish homiysi rahbar, ekspert, oponent, taqrizchi sifatida oq fotiha va fatvo berganlar. Bunday olim bilan fan faxrlansa arziydi.

          Bugun Farg‘ona davlat uniersiteti hamda Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida akademik G‘anijon Abdurahmonov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlab “Turkiyshunoslikning zabardast darg‘asi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda bir qator tilshunoslar so‘zga chiqdilar hamda akademik G‘anijon Abdurahmonovning hayoti va ijod yo‘li haqida o‘z fikrlarini bayon etdilar.

           O‘zbekiston fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, Turkiyaning Turk tili Qurumi a’zosi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi G'anijon Abdurahmonov 1925-yilning 3-dekabrida Farg‘ona shahrida xizmatchi oilasida tavallud topgan.

          Ustozning nomi mashhur o‘zbek olimi sifatida chet elda ham ma’lum va mashhur. G‘anijon Abdurahmonov tadqiqotchilarning 10 ga yaqin doktorlik va 50 ga yaqin nomzodlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilganlar. 

          G‘anijon Abdurahmonov o‘zbek tilshunosligining chin ma’nodagi zahmatkash va zabardast olim o‘g‘lonidir. Biz ustozni til ilmining ramziy ma’nodagi “azim chinor”laridan biri deb bilamiz. 

          Seminarda Farg‘ona viloyati hokimining davlat tili bo‘yicha maslahatchisi S.Tongotarova, Farg‘ona davlat universiteti filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari, doktorant va magistrantlari, Farg‘ona shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari hamda iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdilar. Zoom dasturi orqali filologiya fanlari doktori, professor R.Saydullayeva, olimning umr yo‘ldoshi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent X.Hakimova hamda filologiya fakulteti talabalari ham onlayn ishtirok etdilar. 

          Seminar so‘ngida Aziz Qayumov nomidagi “Ona tili va adabiyot” to‘garagining “Sarafroz” guruhi a’zolarining sahnaviy chiqishlari yig‘ilganlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.